“Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati va O‘zbekiston aviatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi o`rtasida mehnat munosabatlarini tartibga solish, xodimlar uchun sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish maqsadida ijtimoiy sheriklik asosida 2023-2025 yillar uchun Tarmoq kelishuvi imzolandi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida ekspertizadan o‘tgan Kelishuvda soha xodimlariga qonun hujjatlariga nisbatan qo‘shimcha huquqlar, imtiyozlar, kafolatlar va kompensatsiyalar, mehnatga haq to‘lash va mehnat sharoitlari belgilangan.

Tomonlar ishlab chiqarish hajmini oshirish orqali mehnat unumdorligini oshirish, mehnatkashlar manfaatlari huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy himoya qilinishini ta’minlash, ularning moddiy va madaniy turmush darajasini yuksaltirish, shuningdek, maslahat, uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda va boshqa masalalarda hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

Hujjatga xodimlar va oila a’zolariga pullik tibbiy yordam oish uchun imtiyozlar, qo‘shimcha bayram va dam olish kunlari kiritildi.

Yosh mutaxassislarning ijtimoiy himoyasi kuchaytirildi. Ularning kasbiy tayyorgarligini oshirish, boshqa kasb-hunarlarga o‘rgatish, ta’lim muassasalari va o‘quv kurslari negizida malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Yoshlarning chet tillarini o‘rganish salohiyatini kuchaytirish va kompyuter savodxonligini oshirishga ko‘maklashiladi.

Korxona kasaba uyushmasi qo‘mitalari tomonidan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini a’lo baholarga tamomlagan yangi ishga qabul qilingan ishchilarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi. Aviatsiya xodimlari kasaba uyushmasi aʼzolariga  respublika ta’lim muassasalarida yoki boshqa davlatlarning respublika hududida joylashgan taʼlim muassasalari filiallarida oʻqish kontraktlarini toʻlash hamda aviakorxonalar xodimlariga ipoteka krediti uchun foizsiz ssuda taqdim etiladi.

Print Friendly, PDF & Email