Ishchi-xodimlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish kasaba uyushmalarining birinchi galdagi vazifasidir.

Aʼzo tashkilot borki, buning samarasini yaxshi anglaydi, xodimlar ham mavjud afzalliklarni teran hic etadi. Aynan shuning uchun tashkilotlarga tashrif buyurib, aʼzolik afzalliklarini targ‘ib etganimizda ish beruvchi ham, xodimlar ham bir ovozdan safimizga qo‘shilishni istashayotganida o‘ziga xos maʼno bor.

O‘tgan yilda tarmoq tizimida davlat va nodavlat sektoridagi korxona, tashkilotlar xodimlarini aʼzolikka jalb qilish bo‘yicha qator ishlar amalga

oshirildi. «Uzbekistan Airports» AJ, «Uzbekistan Airports Handling» MCHJ, «Uzbekistan Airports Cargo» MCHJ va «Silk Avia» MCHJ tashkilotlarida kasaba uyushmalari tuzildi.

Natijada aʼzolar soni avvalgi yilga nisbatan 20 foizga ortdi. Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlarimiz yetarli emas, albatta. Respublika kengashining 2023 yildagi faoliyati yakunlariga ko‘ra, baʼzi tashkilotlar xodimlari aʼzolikka to‘liq qamrab olinmagan bo‘lib, bu masalaga astoydil kirishishni maqsad qilganmiz. Shuningdek, yangi tashkil etilgan nodavlat sektoridagi korxona va tashkilotlarda kasaba uyushma tashkilotlarini tuzish, hududlarda avval faoliyat olib borgan, qayta tiklanayotgan va yangi tashkil etilayotgan aeroportlar xodimlarini aʼzolikka jalb qilish ishlari ham jadal surʼatlarda olib borilayotir.

Hozirda havo kemasi uchuvchilarining asosiy qismi kasaba uyushmalariga aʼzo emas. Ularni aʼzolikka jalb qilish eng muhim masalalarimizdan biriga aylangan. Bu yo‘lda xalqaro aviakompaniyalar (masalan, «Turkis Airlines» va boshqalar) uchuvchilarini aʼzolikka jalb etish masalalarini o‘rganib, ijobiy tomonlarini o‘zimizda tatbiq etish niyatimiz bor.

O‘tgan yilda «Samarqand xalqaro aeroporti»da davlat xususiy sherikchilik asosida tashkil etilgan «Air Marakanda» MCHJ xodimlarining 50 foizga yaqini safimizga qo‘shildi. Hozirda korxonaga jamoa shartnomasini tayyorlashda amaliy yordam beryapmiz. Ushbu hujjat qabul qilinsa, aʼzolik afzalliklarini amalda ko‘rgan boshqa xodimlarda ham qiziqish paydo bo‘ladi.

Shu bilan birga, Samarqand aeroporti terminalida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa nodavlat tashkilotlarini ham kasaba uyushmalariga jalb etish imkoniyatlari ko‘payadi. Mamlakatimizda aviayo‘lovchilarni tashishlar bozorida yangi kompaniyalar paydo bo‘lib, o‘z mavqelarini egallashga harakat qilishmoqda. O‘rtada raqobat muhiti shakllanyapti. Ulardan «Qanot Sharq», “Centrum”, «Air Samarkand» aviakompaniyalarida kasaba uyushmalari tashkilotlarini tuzish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilib, birlamchi ijobiy natijalarga erishdik. Viloyatlarda avval faoliyat olib borgan, qayta tiklanayotgan, yangi tashkil etilayotgan aeroportlar qatoriga Mo‘ynoq, Zomin, Sariosiyo, Zarafshon, Qo‘qon, Shahrisabz aeroportlari, So‘x uchish-qo‘nish maydonchasi kiradi. Yaqinda «Uzbekistan Airways» AJ tasarrufidagi Zomin aeroportiga qilingan tashrifimiz chog‘ida targ‘ibot ishlarimiz o‘z natijasini berib, aeroport xodimlari aʼzolikka olindi.

Nukus, Farg‘ona, Navoiy va Qarshi xalqaro aeroportlari kasaba uyushma qo‘mitasi raislari bu ishlarga masʼuliyat bilan yondashib, qurilayotgan aeroportlar xodimlarini aʼzolikka qabul qilishni tashkillashtirish bo‘yicha tizimli ishlarni olib borishmoqda.

Umuman olganda, tarmoq xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi va uning tasarrufidagi boshlang‘ich tashkilotlar xodimlarini aʼzolikka to‘liq qamrab olsak, ular kasaba uyushmalarining barcha afzalliklaridan bahramand bo‘lsa, asosiy muddaomizga yetgan bo‘lamiz. Biz esa bu yo‘ldagi izlanishlardan aslo to‘xtamaymiz.

Abdunabi ABDUVALIYEV,

O‘zbekiston aviatsiya xodimlari

    kasaba uyushmasi Respublika

 kengashi raisining o‘rinbosari

Print Friendly, PDF & Email