11.11.2023y. Oʼzbekiston aviatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi va «Uzbekistan Airways» Аksiyadorlik jamiyati, «Uzbekistan Airports» Аksiyadorlik jamiyati (2023-2025 yillar uchun) hamda Oʼzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʼzgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati Аgentligi bilan 2022-2024 yillar uchun tuzilgan Tarmoq Kelishuvlari bandlarining 2022 yil va 2023 yilning yarim yilligida bajarilishi boʼyicha masʼullar Ijroiya qoʼmitasi oldida hisobot berdilar.

Ijtimoiy sheriklarimiz hisoblanmish «Uzbekistan Airways» va «Uzbekistan Airports» Аksiyadorlik jamiyatlari hamda Gidrometeorologiya xizmati Аgentligi raxbar va masʼullari ishtirokida boʼlib oʼtgan yigʼilishda, amaldagi tarmoq kelishuvlariga xodimlarga nisbatan bir qator imtiyoz, qoʼshimcha toʼlov turlari, yengillik va yangiliklar kiritilganligi, shu bilan bir qatorda, yangi tahrirdagi Mehnat Kodeksiga hamda Bosh Jamoa Kelishuviga asoslanib qoʼshimcha va oʼzgartirishlar kiritilishi ustida ishlar jadal olib borilayotgan haqida soʼz bordi.

Hisobot davrida Аviatsiya xodimlari kasaba uyushmasi RK va ijtimoiy sheriklar oʼrtasidagi Tarmoq kelishuvlarini amalga oshirish boʼyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Oʼzbekiston aviatsiya xodimlari kasaba uyushmasi RKning IV va V plenumlari boʼlib oʼtdi. Unda mehnatni muhofaza qilish, mehnat qonunchiligiga rioya etish, xodimlar va ularning farzandlari salomatligini mustahkamlash, sport, maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy tadbirlarni oʼtkazish borasidagi ishlarni takomillashtirish masalalari koʼrib chiqildi.

Аviatsiya xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish boʼyicha talaygina ishlar olib borildi. Tarmoq kelishuviga kiritilgan barcha qoʼshimcha va oʼzgartirishlar belgilangan tartibda koʼrib chiqildi.

Hisobot davrida Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Yangi Mehnat kodeksiga muvofiqlashtirilgan jamoa shartnomasi maketiga asoslanib jamoa shartnomalari loyihalarini tayyorlash va ekspertizadan oʼtkazish, ularga qoʼshimcha va oʼzgartirishlar kiritish, jamoa shartnomalarini tuzish va ularni RKdan roʼyxatdan oʼtkazishda maʼmuriyat va kasaba uyushma qoʼmitalariga amaliy yordam koʼrsatildi.

Аviatsiya xodimlarining murojaatlarini koʼrib chiqish ishlariga katta ahamiyat berilmoqda. Hisobot davrida Respublika kengashi tomonidan 123 ta murojaat koʼrib chiqildi, shundan 10 tasi yozma, 53 tasi ogʼzaki, 2 tasi elektron va 53 tasi maslahat xarakteridagi “ishonch telefoni” orqali, shundan: 47 tasi huquqiy himoya, 11 tasi mehnatni muhofaza qilish masalalari boʼyicha, 23 tasi ijtimoiy, 23 tasi iqtisodiy himoya, 8 tasi kasaba uyushmalari faoliyati va 34 tasi boshqa masalalar boʼyicha. RK mutaxassislari barcha soʼrovlarga zudlik bilan toʼliq javob va tushuntirishlar berib bordilar.

Berilgan hisobot va maʼlumotlar boʼyicha Oʼzbekiston Аviatsiya xodimlari kasaba uyushmasi RK Ijroiya Qoʼmitasi ijtimoiy sheriklar oʼrtasidagi Tarmoq kelishuvlarini amalga oshirish boʼyicha olib borgan ishlarini qoniqarli deb hisoblash bilan birga bir qator tavsiyalar xam berdilar.

Print Friendly, PDF & Email