O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nuroniylarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash, ularni turmush darajasini oshirishga doir chora-tadbirlar to’g’risida”gi 2022 yil 15 martdagi PQ-167-sonli qarorida hamda Birlashgan Millatlar tashkilotining Bosh assambleyasi tomonidan 1-oktyabr – Xalqaro qariyalar kuni deb e’lon qilinganligini inobatga olib, har yili oktyabr oyining birinchi haftasini “Keksalar haftaligi” sifatida keng nishonlash belgilangan. Ushbu haftalik doirasida hamda milliy bayramimizga aylangan “1 oktyabr – O’qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan “Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti” MChJ maʼmuriyati, kasaba uyushmasi qoʼmitasi va Oʼzbekiston aviaxodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bilan hamkorlikda Toshkent aeroportida 40 yildan ortiq mehnat qilgan va respublika fuqaro aviatsiyasi rivojiga munosib hissa qoʼshgan ishlamaydigan nafaqadagi keksalar bilan uchrashuv oʼtkazdi.

«Bir piyola choy ustida» shiori ostidagi bayram tadbiri “Sabina Bonu” MChJga qarashli oshxonada tashkil etildi, unda “Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti” MChJ maʼmuriyati, xotin-qizlar masalalari boʼyicha boshlangʼich tashkiloti va yoshlar faollari vakillari, shuningdek, Oʼzbekiston aviaxodimlari kasaba uyushmasi RK va aeroport kasaba uyushmasi qoʼmitasi bayram dasturxoni atrofida faxriylar bilan Toshkent aeroporti yoshlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturida yangragan kuy va qoʼshiqlar ostida muloqot qildilar.

Faxriylarimizga ularning uzoq yillik samarali mehnatlari, mamlakatimizda fuqaro aviatsiyasini rivojlantirishga qoʼshgan beqiyos hissalari, bugungi kunda Oʼzbekistondagi deyarli barcha aeroportlarning turli xizmatlarida ishlashni davom ettirayotgan koʼplab shogirdlar tayyorlaganliklari uchun koʼplab iliq soʼzlar aytilib, mehmonlarga sogʼlik va uzoq umr tiladilar.

Bunga javoban ruhan qarimagan faxriylarimiz bayram tadbirni tashkil etgani uchun Toshkent aeroporti va Oʼzbekiston aviaxodimlari kasaba uyushmasi rahbariyatiga minnatdorchilik bildirib, bunday uchrashuvlarda muntazam yigʼilib turishni taklif qilishdilar.

Uchrashuv soʼngida mehmonlarga Oʼzbekiston aviaxodimlari kasaba uyushmasi RK va Toshkent xalqaro aeroporti kasaba uyushmasi qoʼmitasi nomidan esdalik sovgʼalari topshirildi.

Print Friendly, PDF & Email