29.03.2024. “Qarshi xalqaro aeroporti” MCHJda mehnat jamoasi hamda kasaba uyushmasi boshlang‘ich tashkiloti konferensiyalari bo‘lib o‘tdi.

Maʼlumki, jamoa shartnomasi tashkilotda yoki korxonada mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi hujjatdir. U xodimlarning o‘z vakillari orqali va ish beruvchi tomonidan tuziladi. Jamoa shartnomasining mazmunini va tuzilishini uning taraflari belgilaydi.

Korxonada 2023 yilda mazkur shartnoma shartlari ijrosi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, mehnatga o‘z vaqtida va munosib haq to‘lash, xodimlarning, shu jumladan, ayollarning, nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat sharoitlari hamda mehnat muhofazasini yaxshilash, ekologik xavfsizlikni taʼminlash, ularni qayta tayyorlash, malakasini oshirish, ishni taʼlim bilan qo‘shib olib borayotgan xodimlar uchun imtiyozlar, ixtiyoriy tibbiy va ijtimoiy sug‘urta hamda ijtimoiy himoya bilan bog‘liq barcha masalalar doimiy eʼtiborda bo‘ldi. Konferensiyada ularning har biriga atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

O‘zbekiston aviaxodimlar kasaba uyushmasi Respublika kengashi o‘rinbosari A.Abduvaliyev, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi bo‘lim mudiri Z.Nabiyev, federatsiyaning Qashqadaryo viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari I.Ahmedov konferensiyada ishtirok etib, korxonada ijtimoiy himoya darajasini yana-da oshirish, xodimlarga g‘amxo‘rlikni kuchaytirish borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Print Friendly, PDF & Email