Joriy yilning 9 noyabr kuni O’zbekiston kasaba uyushmalari kuni bayrami munosabati bilan Aviaxodimlar kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tizimida uzoq yillar samarali va mashaqqatli xizmat qilgan faxriylarni e’zozlab bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirni ilk bosqichi RK apparati binosida bir piyola choy ustida tashkil etildi. RK raisi U.Nazirov so`zga chiqib tashrif buyurgan faxriylarga o’z minnatdorchiligini izxor etib, bayram bilan qutladi. Shuningdek, RK raisi maslahatchisi Sh.Mingaliyev birgalikda yelkama-yelka mehnat qilgan faxriylar bilan ishlagan davrlarini eslab, ularni mehnatlarini e’tirof etib, samimiyat bilan minnatdorchilik bildirdi. Respublika Kengashi rais o’rinbosari A.Abduvaliyev va barcha apparat xodimlari faxriylarni chin ko’ngildan tabriklab uzoq va mazmunli hayot kechirishlarini, o’zlarining qimmatli maslahatlari bilan Aviatsiya tizimini gullab yashnashida kamarbasta bo’lishlarini tilab, guldasta va pul mukofotlari bilan taqdirladilar. Shu tariqa, tadbirning bir piyola choy ustida deb nomlangan ilk bosqichini yakunlab, xush kayfiyatda faxriylar bilan birgalikda asosiy tadbirlar sari yo’l olishdi.

Aviatsiya faxriylarini O’zbekiston kasaba uyushmalari tarixi muzeyi direktori I.Abdukarimov mamnuniyat bilan kutib oldi. Ularni kasaba uyushmalarining uzoq yillik tarixi, kechmishi, mashaqqatli odimlari, erishgan muvaffaqiyatlari va bugungi kundagi xalq manfaatlarini ifoda etuvchi muhim tashkilotga aylanguniga qadar bo`lgan yo’li haqida batafsil so’zlab berdi. Aviatsiya burchagi bilan tanishtirib, faxriylarni qiziqtirgan savollariga javob berdi.

Kasaba uyushmalari tarixiga bir nazar tashlab, shu tarixning bir qismiga aylanganini xis etgan faxriylar yuz – ko’zlarida ulkan g’urur, yuraklarida faxr-iftixor, ko`ngillarida yana bir ziyorat qilib ketishga ishtiyoq ila minnatdorchilik bildirib, ular uchun tayyorlangan bayram dasturxon atrofida birgalikda jamlanishdi.

Ancha yillar yelkama-yelka mehnat qilib do`st-qadrdon bo`lgan, bir-birlarini ancha vaqtdan beri ko’rmagan hamkasblar maroqli va samimiy suhbat qurib tushlik qilishdi. Ishlagan davrlarini, erishgan muvaffaqiyatlarini xotirlab, bu vatan, bu tuproq uchun xizmat qilganliklarini, yurti ravnaqi uchun, aviatorlar uchun samarali va mashaqqatli mehnat qilganliklarini anglab, qalblarida o’zlariga bo’lgan yuksak hurmat va shukronalik xissi tuygan bo’lsalar ne ajab!

Print Friendly, PDF & Email