21.03.2024. Navroʻz bu tinchlik, totuvlik, farovonlik bayrami. Millati, dinidan qatʼiy nazar, shu yurtda yashayotgan barcha millatlar, elatlar uchun birdek sevimli ayyom. Keksayu yosh uchun birdek aziz shodiyona!

 Bu bayram oddiy bayram emas, balki xalqimizning tarixi, falsafasi, tushuncha tasavvurlari, qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan, millat bilan ulgʻayib, millat bilan birga taraqqiy etgan bayram. Bu bayram qadim-qadim zamonlardan buyon elimiz ardoqlab kelayotgan, elimizni, yurtimizni ulugʻlab kelayotgan bayram.

 “Termiz xalqaro aeroporti” masʼuliyati cheklangan jamiyatida yurtimizning har bir goʻshasida boʻlgani kabi bu ayyom nishonlandi. Aeroport maʼmuriyati va kasaba uyushma qoʻmitasi hamkorligida aeroport hovlisida katta doshqozonlarda Navroʻz taomi sumalak pishirildi,  ishchi-xodimlar uchun bayram dasturxoni yozildi.

Navroʻz bayrami arafasida aeroport xodimlari oʻrtasida kasaba qoʻmitasi homiyligida sport musobaqalari oʻtkazildi. Musobaqalarda ayollar ipda sakrash, 100 metrga yugurish va shashka sport turlari boʻyicha kuchlarini sinashdi, erkaklar esa shaxmat va mini-futbol musobaqalarida oʻz kuchlarini sinab koʻrishdi.

 Mini futbol musobaqalarining eʼtiborli jihati shundaki, bu oʻyinlar aeroport direktori ishtirokida oʻtadi. Juda qizgʻin bahslarga boy boʻlgan musobaqada bu yil aviatsiya xavfsizligi xizmati futbolchilari gʻolib boʻlishdi. Ikkinchi oʻrinni maʼmuriyat jamoasi, uchinchi oʻrinni esa yer usti inshootlari  va muhandislik kommunikatsiyalaridan foydalanish boʻlimi jamoasi egalladi.

 Sport oʻyinlari gʻoliblariga kasaba uyushma qoʻmitasi tomonidan qimmatli sovgʻalar topshirildi.

 

Print Friendly, PDF & Email