20.11.2023y. Hukumatimiz tomonidan tasdiqlangan va 2023 yilga mo’ljallangan Davlat dasturi doirasidagi “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” yo‘nalishi ijrosini ta’minlash va O’zbekiston aviaxodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi ish rejasiga muvofiq, joriy yilning 2023 yil 18-19 noyabr kunlari boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari raislari, rais o‘rinbosarlari, hisobchilari, kasaba uyushma faollari va apparat xodimlari ishtirokida ko‘xna Samarqand shahriga ziyorat turizmi tashkil etildi. Tashrifdan ko’zlangan asosiy maqsad – aviaxodimlarni ichki turizm orqali bebaho qadriyatlarimiz va milliy o’zligimizni o’zida aks ettirgan tarixiy obidalarimiz bilan tanishtirish, insoniyat tarixiga o’z nomini zarxal xarflar bilan bitib ketgan, ishlari buyuk va siymosi ulug’ allomalarimiz, ilm-fan rivojiga beqiyos xissa qo’shgan olim va ulamolarimizni sharafli hayot yo’llarini o’rnak sifatida ko’rsatishdir.
Milliyligimizni o’zida mujassam etgan, ochiq kitob shaklida bunyod etilgan Samarqand xalqaro aeroporti terminali bilan tanishtirish orqali, Sohibqiron bobomizni quyidagi jumlalarini eslata olsak ajabmas: “Biz kim – Mulki Turon, amiri Turkistonmiz! Biz kim millatlarning eng ulug’i – turkning bosh bo’g’inimiz! Agar bizni qudratimizga shubha qilsang, biz qurgan imoratlarga boq!”.
Ro’yi-zamin sayqali – Samarqand shaxridagi tarixiy obidalar, Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminali va moziydan so`zlovchi tarixiy zaminning diqqatga sazovor, muqaddas qadamjolari barcha ishtirokchilarda ulkan taassurotlar qoldirdi.
Darxaqiqat, buyuk allomalarimizni ilm nuri ila ziyo tarqatib, bu muqaddas zaminda bosgan har izlari va dunyo hamjamiyatini hozirga qadar lol qoldiradigan buyuk ishlari qalbimizda faxr-iftixor tuyg’usini alangalatishi, shubhasiz!