9 aprel – bugun davlatimiz va millatimiz tarixi uchun unutilmas sana! Ayni shu kunda  O‘rta, Janubiy va G‘arbiy Osiyo, shuningdek, Kavkaz  Rus tarixida muhim o‘rin tutgan turkiy hukmdor, Movarounnahr va Xurosonda yirik markazlashgan davlat barpo etgan, saltanat hududini sharqda Xitoy devoriga qadar, g‘arbda – O‘rta yer dengiziga, janubda esa Hindiston chegaralariga qadar kengaytirgan buyuk sarkarda, ilm-fan va madaniyat homiysi, Temuriylar saltanati  asoschisi, Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan.

Amir Temur – o’zligimizni anglash, milliy an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasidagi ulug‘vor ishlarda xalqimizga ma’naviy kuch bag’ishlab kelayotgan ulug‘ siymolarimizdan biridir. 

Har yili buyuk hukmdor tavallud sanasi keng miqyosda butun dunyo bo‘ylab nishonlanadi. Uning qudratli va hayratli hayot yo‘li, adolatli va zakovatli davlat boshqaruvi hozirga kunda ham dolzarb bo‘lib, uning shaxsiyatini, temuriylarning milliy davlatchilik, ilm-fan, madaniyat, bunyodkorlik va boshqa sohalardagi ulkan merosini o‘rganishga qiziqish jahon miqyosida tobora ortib bormoqda.

Buyuk hukmdorning markazlashgan qudratli davlat tashkil etishga erishishi – insoniyat tarixidagi eng qat’iyatli shaxslardan biri ekanligiga dalolatdir.

Amir Temurning hayotlik vaqtida davlat boshqaruvi haqida so‘zlovchi “Temur tuzuklari” nomli maxsus asar yozilgan. Asar ikki qismdan iborat bo‘lib, O‘rta asrning bebaho tarixiy manbasi hisoblanadi. Unda Temurning hayotiy voqealari bilan bog‘liq tarjimai xoli, atoqli davlat arbobi va sarkardaning harbiy san’atga bo‘lgan nuqtai nazari, davlat tuzilishi va boshqaruvi kabilar bayon qilingan. Amir Temur tomonidan yaratilgan markazlashgan, kuchli boshqaruvga ega davlat ushbu bebaho qoidalar majmuasi hisoblanmish kitob asosida yaratilgan.

Bugungi kunda davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyevning davlat boshqaruvida “Temur tuzuklari”dan dasturi-amal sifatida foydalanishi va adolatli siyosat olib borishi, o‘z so‘zlarida tuzuklardan foydalanishi inson qalbida g‘urur-iftixor tuyg‘usini alangalatadi va buyuk Sohibqiron o`zidan kelajak avlodga naqadar bebaho ne’mat, adolat mezoni qoldirib ketganidan dalolat beradi.

 Adolat kuchda emas, kuch adolatdadir, degan shior Amir Temur saltanatining barcha hududlarida axloqiy-ma’naviy mezonga aylangan. Buyuk davlat arbobidan biz ham o‘rnak olib, adolatni o`zimizga asosiy mezon qilib, o’zimiz rahbarlik qilayotgan jamiyatning har jabhasida “Temur tuzuklari”ni amalda qo‘llab kelajagi buyuk, qudratli davlat tashkil etishda davlatimiz rahbariga kamarbasta bo‘lishimiz lozim.

 

A.A.Yuldashev

O‘zbekiston aviatsiya xodimlari

kasaba uyushmasi Respublika Kengashi

tashkiliy va xalqaro ishlar bo‘yicha

yetakchi mutaxassis

 

Print Friendly, PDF & Email