O‘zgidrometda 21 – oktabr O‘zbekistonda Davlat tili bayrami kuniga bag‘ishlangan «Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!» shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ona tilimiz – millatimiz ruhi. U bizning borliq va boyligimiz. U ko‘nglimiz mulki, davlatimiz ulug‘ timsolidir. Bundan qariyb 32 yil muqaddam o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Bu o‘z davrida tom ma’noda olamshumul voqea bo‘lgan. Buyuk allomalar, xususan, Beruniy, Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur singari buyuk siymolarni yetishtirgan xalq tilining nufuzi, ahamiyati va qadri nafaqat Vatanimizda, balki xalqaro miqyosda kun sayin oshib bormoqda.
1989 yilning 21 oktabr kuni Vatanimizda davlat tilining huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, unga ko‘ra O‘zbek tiliga – Davlat tili maqomi berildi.
“O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida” 2020 yil 10 aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonunining (O‘RQ-615-son) 1-moddasi bilan 21 oktabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.
Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demak. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi yozuvchilar uyushmasidan shoir Zikrillo Ne’mat ishtirok etdi. O‘zgidromet bosh direktori o‘rinbosari O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish uchun uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga kiritishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarurligi hamda har birimizdan tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishni talab etishi ta’kidladilar.
O‘zgidrometda ham yuqorida ko‘rsatilgan farmon ijrosini ta’minlash maqsadida:
– O‘zgidromet faoliyatida qo‘llaniladigan gidrometeorologiya sohasiga tegishli normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan xalqaro hujjatlarni mamlakat sharoitlarini hisobga olgan davlat tiliga tarjima qilish ishlari davom ettirilmoqda;
– muntazam ravishda O‘zgidromet ishlab chiqarish faoliyatida foydalaniladigan rahbar hujjatlar (ko‘rsatmalar, qo‘llanmalar)ni davlat tiliga tarjima qilindi;
– Respublika bo‘yicha televideniya, radiokanallar, internet resurslar, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinadigan axborot (ob-havo har 3 soatda, atmosfera havosi ifloslanishi har kuni) ma’lumotlari davlat tilida lotin alifbosida berib boriladi.
– OAV ga taqdim etiladigan barcha materiallar, axborot resurslarida tashkil etiladigan chiqishlar (intervyu, bayonot, video- va audio fayllar, rasmiy sayt va telegram-kanal uchun matnli va boshqa materiallar) davlat tilida, so‘rovga qarab boshqa tilda tashkil etilib borilmoqda.
– O‘zgidromet ob-havo ma’lumotlari, byulletenlar, targ‘ibot-tashviqot plakatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nutqidan iqtiboslar, markazning rasmiy sayti va telegram-kanalida e’lon qilinadigan ma’lumotlar davlat tilida, qo‘shimcha boshqa tillarda berilib borilmoqda.
– viloyat Gidrometeorologiya boshqarmalari tarmoqlari bo‘yicha veb-resurslar davlat tilida yoritib borilmoqda;
– O‘zgidromet va hududiy boshqarmalar peshtoqlaridagi yozuvlar lotin alifbosiga o‘girildi;
– O‘zgidromet faoliyatini yorituvchi press-vol va banerlar lotin alifbosida tayyorlandi;
– BMT Tarraqiyot Dasturi, Xalq ta’limi vazirligi va Respublika ta’lim markazi O‘zgidromet mutaxassislarining uzoq va mashaqqatli mehnatlari natijasi bo‘lgan «Iqlim qutichasi» kitobi o‘zbek va qoraqalpoq tillariga tarjima qilinib respublikamiz maktab o‘quvchilariga taqdim etildi;
– xodimlarning davlat tilida ish yuritish bo‘yicha malakalarini oshirish maqsadida onlayn kurslarda o‘qishlari ta’minlanmoqda.
Tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb ma’naviy burchimiz bo‘lib qolishiga e’tibor qaratamiz.
O‘zgidromet Axborot xizmati