29.03.2024. 2024-yil 29-mart kuni “Namangan xalqaro aeroporti” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 2023-yilda Jamoa shartnomasi bajarilishi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha mehnat jamoasi va kasaba uyushmasining navbatdagi konferensiyalari bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi kasaba uyushmalari Federatsiyasi vakili Erkinjon Yusupov, O‘zbekiston aviaxodimlari kasaba uyushmasi RK vakili Gayratjon Umarov aeroport direktori Muxammadxon Axmedov va kasaba uyushma qo‘mitasi vakillari va mehnat jamoasi ishtirok etdilar.
Konferensiya kun tartibidan o’rin olgan aeroport ma’muriyati va kasaba uyushmasi tomonidan imzolanib ijroga olingan jamoa shartnomasini 2023-yilda bajarilishi yuzasidan aeroport ma’muriy direktori R.A.Alimamedova va kasaba uyushma qo’mitasi raisi B.K.Abdullaev xisobotlari tinglandi, shundan so’ng jamoa shartnomasi bajarilishi xaqidagi dalolatnoma konferensiya ishtirokchilariga o’qib eshittirildi. Hisobotlar qizg’in muhokama qilindi hamda aeroport ma’muriyati va kasaba uyushmasi tomonidan 2023-yilda amalga oshirilgan ishlarni “Qoniqarli” deb baholadi.
Shundan so’ng jamoaning umumiy yig’ilishi kasaba uyushmasi konferensiyasining vakolatiga kiruvchi masalalarni ko’rib chiqdi. Jumladan, aeroport kasaba uyushmasining faoliyati yuzasidan uyushma raisi B.Abdullayev tinglandi. Kasaba uyushma qo‘mitasi hisobchisi N.V.Shipulina 2023-yildagi kasaba uyushmasining xarajatlari smetasini raqamlarda o‘qib eshittirdi. Xarajatlar smetasi ma’lumot uchun qabul qilindi.Kasaba uyushmasi faoliyati yuzasidan uyushmaning taftish komissiyasining dalolatnomasi o‘qib eshittirildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Konferensiya etiboriga yangi 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasining muhokamasi yakunlanganligi, yuqori turuvchi tashkilot mutaxassislari tomonidan ko’rib chiqilganligi aytilib, loyihani konferensiya tomonidan ma’qullanishi taklifi kiritildi. Masala ovozga qo’yilib konferensiya tomonidan bir ovozdan “ma’qullandi”.
Konferensiya so‘ngida O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi vakili Erkinjon Yusupov, Aviaxodimlar kasaba uyushmasi Respublika Kengashi vakili Gayratjon Umarovlar konferensiya ishi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Navro’z bayrami munosabati bilan mehnatda va jamoat ishlarida faol bo’lgan bir qator xodimlar aeroport ma’muriyati va kasaba uyushmasining tashakkurnomalari bilan taqdirlandilar.
Konferensiya yuqori kayfiyatda o‘z ishini yakunladi.